YANGILIKLAR
2024-yilning 6-7-noyabr kunlari Toshkent shahrida “O‘zbekistonda Yevropa iqtisodiyoti kunlari” bo‘lib o‘tdi. Forumda davlat hokimiyati organlari, biznes hamjamiyati, xalqaro tashkilotlar va Yevropaning yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. Tadbir Yevropa-O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi (EUROUZ) tomonidan mamlakat rasmiylari bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbir doirasida 7-noyabr kuni «Government Relations & Advocacy Activities in the Interests of the State and Society» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Sessiya homiysi va tashkilotchisi Edward’s East Strategies xalqaro konsalting firmasidir.
Davra suhbatini Edward’s East Strategies kompaniyasi hamkori Odiljon Azimov olib bordi. Sessiya ishtirokchilari O‘zbekiston, shuningdek, Qozog‘istonning yirik kompaniyalari va ixtisoslashtirilgan ekspert tashkilotlarining top-menejerlari bo’ldi:
- G‘olib Xoljigitov – O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining raqamli texnologiyalar bo‘yicha ishchi guruhi maslahatchisi, rahbari;
- Yuliya Kusidi – Qozog‘iston Yevropa biznes uyushmasi (EUROBAK) bosh direktori;
- Sergey Krassovskiy – “UZBAT A.O.” QK AJ yuridik va korporativ masalalar bo‘yicha departament direktori;
- Niholbek G‘aniyev – Summit Motors Central Asia yuridik ta’minlash va risklarni boshqarish bo‘limi boshlig‘i;
- Saidamirxon Rahimov – Beeline Uzbekistan davlat organlari bilan aloqalar bo‘limi direktori;
- Mirshohid Aslanov – “Progressiv islohotlar” markazi bosh direktori.
Tadbir davomida O‘zbekistonda GR va lobbichilik mavzusi birinchi marta omma oldida ko‘tarildi, bu esa ushbu sohaga qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi. So‘zga chiqqanlar bugungi kunda davlat ishbilarmonlik takliflari va g‘oyalariga yanada ochiq bo‘layotgani – bu ikki tomonlama muloqot va hamkorlik uchun qulay muhit yaratayotganini ta’kidladi. Mamlakat hokimiyat organlari iqtisodiy qonunchilikni liberallashtirish va uyg‘unlashtirish, biznes uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga ko‘maklashmoqda.
Mamlakat Jahon Savdo Tashkilotiga qo’shilish arafasida turibdi, bu transmilliy kompaniyalarning e’tiborini tortadi, xorijiy kapitalning o’sishiga hissa qo’shadi va GR va lobbichilik sohasini rivojlantirishning muhim omiliga aylanadi. Bunday sharoitda tarmoqlar va alohida kompaniyalarning bozordagi o‘rnini mustahkamlash uchun jamoatchilik va davlat bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassislarga ehtiyoj ortib bormoqda.
O’zbekistonda GR va lobbichilik sohasini tartibga solishga alohida e’tibor qaratildi. Davra suhbati ishtirokchilari lobbichilik to‘g‘risida to‘laqonli qonun mavjud bo‘lmaganiga qaramay, mutaxassislar ishining huquqiy asoslari qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar bilan belgilab berilganini ta’kidladilar.